AQSh mudofaa vazirligi mamlakat qurolli kuchlari maxsus bo‘linmasi tomonidan Afg‘onistonda garovdagilarni ozod qilishga urinish bo‘lganligi haqidagi ma’lumotni tasdiqladi. Mazkur operatsiya haqidagi xabar Fox telekompaniyasi tomonidan tarqatilgandi, deya ma’lum qiladi “TASS”.
“Avgustda mudofaa vaziri Eshton Karter tavsiyasiga ko‘ra prezident Obama Afg‘onistondagi Amerika kuchlari tomonidan ikki nafar garovdagi shaxsni ozod etishga qaratilgan operatsiya o‘tkazishga ruxsat bergandi. Afsuski, operatsiya o‘tkazilgan joyda, garchi uning doirasida bir qator jangarilar yo‘q qilingan bo‘lsa-da, garovdagilar yo‘qligi aniqlandi”, — deyiladi Pentagon matbuot kotibi Piter Kuk bayonotida.
Ma’lumot uchun, 7-avgust kuni Kobulda joylashgan Amerika universitetining ikki professori (ulardan biri AQSh, yana biri Avstraliya fuqarosi) noma’lum kishilar tomonidan o‘g‘irlab ketildi. Shundan beri ularning taqdiri haqida hech narsa ma’lum emas.