AQSh prezidentligiga Libertarian partiyasidan nomzod Geri Jonson televideniye orqali chiqishi chog‘ida Aleppo nimaligini bilmasligini ma’lum qildi. Bu haqda “Interfaks” xabar bermoqda.
MSNBC telekanalida 8-sentabr, payshanba kuni bo‘lib o‘tgan intervyu davomida boshlovchi siyosatchidan prezident bo‘lib saylangan taqdirda Aleppo muammosini qanday hal etishni ko‘zlayotganini so‘radi. Bunga javoban Nyu-Meksiko shtatining sobiq gubernatori “Aleppo nima o‘zi?” deb so‘radi. Boshlovchi mehmondan hazillashayotganligi yoki yo‘qligini so‘radi, biroq u jiddiy so‘rayotganini bildirdi. Shundan so‘ng boshlovchi Jonsonga Aleppo qayerdaligi va mazkur shahardagi muammo nimadan iborat ekanligini tushuntirdi.
Aleppo haqida tushunchasi bo‘lmagan nomzodning asosiy maqsadi saylovchilarning kamida 15 foizi qo‘llab-quvvatlashiga erishish bo‘lib, bunga erishgan taqdirda 26-sentabrga mo‘ljallangan prezidentlikka nomzodlarning ilk telebahslarida ishtirok etishi mumkin. Hozirda uning uchun amerikaliklarning 13 foizi ovoz berishga tayyor ekanligi aytilmoqda.