O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning xotirasini yod etish maqsadida Samarqandga tashrif buyurgan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin Islom Karimovning qabriga gul qo‘yish va uning xotirasiga hurmat bajo keltirish marosimlaridan so‘ng O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev bilan muloqot qildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Samarqand shahridagi Forumlar majmuasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi hamkorlik 2004-yil 16-iyunda imzolangan Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma, 2005-yil 14-noyabrda imzolangan Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma asosida izchil rivojlanib bormoqda.
O‘zaro hamkorlik keng ko‘lamli va samarali bo‘lib, hukumatlararo va idoralararo aloqalar oliy darajadagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishda muhim omil bo‘lmoqda. Ikki mamlakat BMT, ShHT, MDH kabi xalqaro tuzilmalar doirasida ham samarali hamkorlik qilib kelmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinga xalqimizning ardoqli farzandi, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasini yod etish maqsadida mamlakatga tashrif buyurgani uchun minnatdorlik bildirdi. Ushbu tashrif Vladimir Putinning Islom Karimovga, O‘zbekiston xalqiga yuksak hurmatidan dalolat berishini qayd etdi. O‘zbekiston Islom Karimov va Vladimir Putin asos solgan mamlakatlar o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini davom ettirishi va yanada mustahkamlashini alohida ta’kidladi.
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov O‘zbekiston uchun, o‘z xalqining farovonligi uchun ulkan ishlar qilgani, eng murakkab paytlarda ham tinchlik va barqarorlikni ta’minlagani, bu mamlakat taraqqiyotiga xizmat qilganini alohida ta’kidladi. Rossiya o‘zaro hamkorlikni davom ettirish va rivojlantirish tarafdori ekanini qayd etdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida turli sohalardagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga oid masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Shu bilan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning O‘zbekistonga tashrifi nihoyasiga yetdi.
Izoh (0)