Ukrainaning “Vorskla” klubi O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Sanjar Tursunovni o‘z safiga qayta qo‘shib olgandi. Bunga qadar Qatarning “Umm Salal” klubida to‘p surgan Sanjar 27-avgust kuni “Vorskla”ga qaytganidan keyingi ilk uchrashuvida maydonga tushdi.
Ungacha Ukraina chempionatida o‘tkazilgan 5 ta o‘yinda 1 ta g‘alaba, 1 ta mag‘lubiyat va 3 ta durang qayd etgan “Vorskla”, Tursunovning tashrifidan keyin Kiyevda “Dinamo”ni mag‘lub etdi — 2:0.
Yevropa Chempionlar Ligasining “B” guruhida “Benfika” (Portugaliya), “Napoli” (Italiya), “Beshiktosh” (Turkiya) klublari bilan kurash olib boradigan “Dinamo” Ukrainaning amaldagi chempioni hisoblanadi. Yangi mavsumda Kiyev klubi ketma-ket besh turni o‘z foydasiga hal qilgandi.
“Dinamo”ga qarshi safar uchrashuvida Sanjar Tursunov 72-daqiqaga kelib maydonga tushdi. Bunga qadar “Vorskla” 2 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgandi.
Bu g‘alaba “Vorskla”ni 9 ochko bilan turnir jadvalida 4-o‘ringa olib chiqdi.
Izoh (0)