Amerikalik qo‘shiqchi va bastakor Prinsning o‘limiga sababchi bo‘lgan kuchli og‘riq qoldiruvchi dorini u noqonuniy tarzda sotib olgan, deb yozadi “TASS” musiqachining o‘limini o‘rganayotgan tergovchilarga tayanib.
AP ma’lumotlariga ko‘ra, Prinsning Minneapolis (Minnesota shtati)dagi uyidan topilgan ba’zi o‘ramlarda keng tarqalgan og‘riq qoldiruvchi dorilar nomlari yozilgan, ammo aslida ularning ichida faqat retsept bo‘yicha sotiladigan kuchli ta’sir qiluvchi fentanil opioid analgetiki bo‘lgan.
Shu bilan birga, tergovchilar aniqlaganidek, Prinsning o‘limigacha bo‘lgan so‘nggi 12 oy mobaynida hech qaysi shifokor unga fentanil yoki boshqa shu darajadagi xavfli dorini sotib olish uchun retsept yozib bermagan. Shu tariqa, musiqachi fentanilni faqat noqonuniy ravishda qora bozordan xarid qilgan bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Gollivudda taniqli bo‘lgan shifokor Dryu Pinski 21-aprel kuni 57 yoshida olamdan o‘tgan amerikalik xonanda Prinsning o‘limiga qabul qilingan dorilarning noo‘rin birikuvi va buning oqibatida “dozalarning tasodifan oshib ketishi” sabab bo‘lishi mumkinligini ma’lum qilgan edi.
Izoh (0)