Osiyo Chempionlar Ligasi chorak final dastlabki o‘yinida BAAning “Al-Ayn” jamoasi bugun, 23-avgust kuni o‘z maydonida Toshkentning “Lokomotiv” klubini qabul qiladi. Uchrashuv oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida “temiryo‘lchilar” bosh murabbiyi Andrey Miklyayev o‘yin borasida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston futbol federatsiyasi matbuot xizmati.
“Chempionlar Ligasi biz uchun katta musobaqa, bunda oson o‘yinlar bo‘lmaydi. O‘ylaymanki, ‘Al-Ayn’ga qarshi kechadigan ikkala uchrashuv ham qiziq kechadi va yakunda biz yarim finalga yo‘l olamiz. Raqibning ba’zi o‘yinlarini ko‘rdik. Kimlarni safga qo‘shib olganini ham bilamiz. ‘Al-Ayn’ guruh bosqichida ‘Nasaf‘ga qarshi to‘p surgandi. Lekin bunga ancha bo‘ldi. Jamoa o‘yini hozir o‘zgargan bo‘lishi ham mumkin. BAAda chempionat hali boshlangani yo‘q, shu bois raqib bizga sirli ko‘rinmoqda.
Bizda ikkinchi davra boshlanib bo‘ldi va to‘rtta turda maydonga tushdik. Jamoaning holati yaxshi va eng muhimi – jarohat olgan futbolchilar yo‘q. O‘tgan yili Avstriyada yig‘in o‘tkazganimizda bu jamoaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazgandik. Mana endi rasmiy bahslarda ham ularni mag‘lub etishga harakat qilamiz”, – dedi Miklyayev.
Eslatib o‘tamiz, “Al-Ayn” – “Lokomotiv” uchrashuvi Toshkent vaqti bilan 20:30 da boshlanadi.
Izoh (0)