O‘zbekiston boks terma jamoasi Rio—2016 Olimpiadasida 7 ta medalni qo‘lga kiritgani, O‘zbekiston boks federatsiyasini yozgi Olimpiada o‘yinlari tarixida mamlakat delegatsiyasi uchun eng ko‘p medal taqdim etgan federatsiyaga aylantirdi.
Rio—2016 Olimpiadasi starti oldidan O‘zbekiston boks federatsiyasi va O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi mamlakat delegatsiyasi uchun Olimpiada o‘yinlari tarixida bir xilda — 7 tadan medal keltirgandi.
O‘zbekiston boks federatsiyasi medallar soni bo‘yicha avvalgi 5 ta Olimpiadada qayd etgan natijasini birgina Rio—2016 da takrorlay oldi.
Oltin medallar soni bo‘yicha boks federatsiyasi Rio Olimpiadasidan keyin sport kurashlari assotsiatsiyasi bilan tenglashib oldi — 4 tadan oltin. Sport kurashlarida Artur Taymazov (2004, 2008, 2012) va Aleksandr Dokturishvili (2004) oltin medalga ega chiqqan bo‘lsa, bokschilardan bu muvaffaqiyat Muhammadqodir Abdullayev (2000), Hasanboy Do‘stmatov (2016), Shahobiddin Zoirov (2016) hamda Fazliddin G‘oibnazarovga (2016) nasib qildi.
Olimpiada—2016 dan keyin O‘zbekiston boks federatsiyasining olimpiya o‘yinlari tarixidagi medallari soni umumiy 14 taga yetdi (4 ta oltin, 2 ta kumush va 8 ta bronza). O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasida esa bu ko‘rsatkich 10 tani tashkil qiladi (4 ta oltin, 3 ta kumush va 3 ta bronza).
O‘zbekiston delegatsiyasiga medallar taqdim etish bo‘yicha keyingi o‘rinlarni O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi (6 ta: 2 ta kumush va 4 ta bronza), O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi (2 ta bronza), O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi (1 ta oltin) egallab turibdi.
Izoh (0)