Rio—2016 Olimpiadasining 75 kilogrammgacha bo‘lgan sportchilari o‘rtasidagi bellashuvda O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Bektemir Meliqo‘ziyev final jangida ringga ko‘tarildi.
Hal qiluvchi jangga qadar avstraliyalik Deniyel Lyuis, hindistonlik Vikas Krishan Yadav, meksikalik Misael Rodriges kabi sportchilarni mag‘lub etgan Bektemir Meliqo‘ziyev, finalda kubalik Arlen Lopesga ochkolar bo‘yicha imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
Bektemir Meliqo‘ziyev O‘zbekiston delegatsiyasi uchun Shahram G‘iyosovdan keyingi ikkinchi kumush medalni taqdim etdi. Shu tariqa O‘zbekiston terma jamoasining medallari 9 taga yetdi: 2 ta oltin, 2 ta kumush va 5 ta bronza.
Olimpiadaning boks turnirida O‘zbekiston sportchilarini yana ikkita final kutib turibdi. O‘z vazn toifasida Shahobiddin Zoirov hamda Fazliddin G‘oibnazarov oltin medallar uchun kurash olib boradi.
Bunga qadar final janglarida ishtirok etgan uch nafar o‘zbekistonlik bokschidan Hasanboy Do‘stmatov oltin medalga ega chiqqan bo‘lsa, Bektemir Meliqo‘ziyev hamda Shahram G‘iyosovga kumush nasib qildi.
Izoh (0)