Andijon viloyatidagi Asaka shahrida joylashgan GM Uzbekistan avtomobil zavodida 8-avgust, dushanba kunidan har yilgi rejaviy profilaktika ishlari boshlandi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmatiga tayanib, “Gazeta.uz” xabar bermoqda.
“Ushbu tadbirlar doirasida asosiy va yordamchi texnologik jihozlar, kommunal xo‘jalik, muhandis-kommunikatsion tarmoqlarning profilaktik tekshiruvi hamda texnik xizmati o‘tkaziladi. Shuningdek, korxonani kuz—qish mavsumiga tayyorlash doirasida rejaviy ta’mirlash ishlari olib boriladi”, – deyiladi xabarda.
Kompaniyaning ma’lum qilishicha, GM Uzbekistan tayyor mahsulotni o‘z vaqtida va to‘liq hajmda yetkazib berish bo‘yicha barcha shartnoma majburiyatlarini bajaradi. Rejaviy profilaktik ishlarning o‘tkazilishi ichki va tashqi bozorlardagi distribyutorlik va dilerlik tashkilotlariga avtomobillarni yetkazib berish grafigiga ta’sir qilmaydi.
“Avtomobillarni yetkazib berish reja asosida davom etadi. Shuningdek, R2 va Nexia R3 avtomobillarining kelishilgan muddat va hajmda yetkazib berilishi ta’minlanadi”, – deyiladi xabarda.
GM Uzbekistan matbuot xizmati Asakadagi zavodda ishlab chiqarishning to‘xtalishiga har yilgi profilaktik ishlardan boshqasi sabab emasligini alohida ta’kidladi.
GM Uzbekistan kompaniyasining Xorazm viloyatidagi “Xorazm Avto” zavodi rejaga asosan ishni davom ettiradi. Zavod 2013-yili ishga tushgani sababli bu yerda profilaktik ishlarga hozircha ehtiyoj sezilmayapti.