Respublikachilar partiyasidan AQSh prezidentligiga nomzod Donald Tramp Nyu-Hempshirda tarafdorlari oldidagi chiqishi chog‘ida raqibi Hillari Klintonga nisbatan salbiy fikrlarini yashirib o‘tirmadi. Bu haqda “Interfaks” xabar bermoqda.
“U butkul noraso, o‘zini boshqara olmaydigan odam. Buni tushunish uchun uni kuzatish, u haqda o‘qish kifoya. Fuqarolarimiz ‘qisqa tutashuv’ ro‘y berishi mumkin bo‘lgan insonni prezident sifatida ko‘rishni istaydi, deb o‘ylamayman. Agar u saylovlarda g‘olib chiqsa, mamlakatni ichidan yemiradi. Prezidentlik lavozimi uchun kurashni u boy beradi, deb umid qilamiz”, — deb ta’kidladi Tramp.
Trampning saylovoldi shtabi ham tanqid va kinoya bobida milliarderdan qolishmayapti: ijtimoiy tarmoqlarda shtab tomonidan tayyorlargan va Klinton safdan chiqayotgan robot tariqasida tasvirlangan rolik paydo bo‘ldi.
OAV respublikachilar tomonidan Klintonga bunday hujum u milliarderdan mashhurlik bobida o‘zib ketgan payt amalga oshirilganini bildirmoqda. Oxirgi so‘rovlarga ko‘ra, ayni paytda Klinton uchun amerikaliklarning 50 foizi, Tramp uchun esa 42 foizi ovoz berishga tayyor.