Nukus temir yo‘l vokzalida 5,5 milliard so‘mlik rekonstruksiya va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilib, foydalanishga topshirildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Zamonaviy tarzda qayta bunyod etilgan vokzal binosida bir vaqtning o‘zida 400 yo‘lovchiga, bir kecha-kunduzda esa 1 800 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratildi. Yo‘lovchilarni kutib olish va kuzatib qo‘yish uchun 6 yo‘lak barcha qulaylikka ega bo‘ldi.
Yo‘lovchilar uchun VIP kutish zallari, ona va bola xonasi, tibbiyot punkti, mehmonxona tipidagi dam olish xonalari, savdo shoxobchalari qurildi. Poyezdlar yo‘nalishi va qatnovi to‘g‘risida axborot beradigan elektron ma’lumotlar tablosi o‘rnatildi.
1,4 gektar maydonni egallagan vokzal hududidagi xiyobon o‘rtasida zamonaviy favvora qurilib, yo‘lovchilarning hordiq chiqarishlari uchun qulaylik yaratildi. 550 metrlik ikki perronga zamonaviy plitalar to‘shaldi.
Qayd etish joiz, Qoraqalpog‘iston Respublikasida joriy yilda barcha moliyaviy manbalar hisobidan 4 trillion 52 milliard so‘mlik investitsiya o‘zlashtirilib, qator iqtisodiy-ijtimoiy loyihalar amalga oshirilmoqda.
Izoh (0)