“Toshshahartransxizmat” kompaniyasi shahar avtobuslari harakatini kuzatishga mo‘ljallangan TashBus mobil dasturi sinov rejimida ishga tushirilganini ma’lum qildi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar bermoqda.
Ushbu dastur yordamida foydalanuvchilar tanlangan yo‘nalishdagi avtobuslar harakatini kuzatib, ularning kerakli bekatga qachon yetib kelishini aniqlay oladi. Bundan tashqari, dastur avtobusning davlat raqami, harakat tezligi va bekatgacha bo‘lgan masofa singari ma’lumotlarni beradi.
Bekatlar katalogi tegishli bekatdan qaysi yo‘nalishlar o‘tishini bilishga yordam beradi. Qidiruv funksiyasi orqali avtobusni raqami bo‘yicha, bekatni esa nomi bo‘yicha topish mumkin. “Joylashuv” funksiyasi yaqin atrofdagi bekatlarni ko‘rsatib beradi. Yo‘nalishlarga tezda kirish uchun ularni tanlangan ro‘yxatga kiritish talab etiladi.
Grand Technology System kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan dastur poytaxtdagi barcha avtobus yo‘nalishlarini qamrab oladi. Yaqin orada uning iOS-versiyasi ham chiqariladi. Bundan tashqari, xizmatning veb-versiyasi — “TashBus.uz” saytini tashkil etish rejada bor.
Izoh (0)