AQShning Genovation Cars firmasi elektrokarlar orasida tezlik bo‘yicha jahon o‘z rekordini yangilashga muvaffaq bo‘ldi. Kennedi kosmik markazi (Florida shtati) uchish tasmasida ularga tegishli, elektromobilga aylantirilgan Chevrolet Corvette Z06 soatiga 205,6 milya (330,8 kilometr) tezlikka chiqdi, deb xabar beradi Motor.
Kompaniya xodimlari mashinaning sakkiz silindrli, yetti litrli, 505 ot kuchiga ega atmosferali motorni yechib olib, uni 44 kilovatt-soat sig‘imli batareyalardan oziqlanuvchi ikki elektromotordan iborat kuch qurilmasi bilan almashtirdi. Elektrik Corvette’ning umumiy quvvati 600 ot kuchiga yetadi.
Bu avtomobil qo‘shimcha quvvatlantirishsiz 210 kilometr yo‘l bosa oladi.
Shu yilning martida Corvette 300,6 kilometr/soat tezlikka erishib, finlyandiyalik ishlab chiqaruvchilarga tegishli elektrik prototipdan 15 kilometr/soat yaxshiroq natija ko‘rsatgandi. Kelajakda Genovation Cars rekordini 1088 ot kuchiga ega Rimac Concept_One elektrokupesi yangilashi mumkin — uning maksimal tezligi 354 kilometr/soatga yetishi va’da qilinmoqda.
Izoh (0)