Toshkent shahridagi Inha universiteti (IUT) talabalari Shaxzod Boxidjonov va Muxlisa Anvarova “Android tizimidagi dasturiy mahsulotlar” ko‘rgazmasida mos ravishda birinchi va ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Bu haqda universitet matbuot xizmati “Daryo” nashriga ma’lum qildi.
Avvalroq Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (TATU) va Koreya transport milliy universiteti (KNUT) o‘rtasida tuzilgan anglashuv memorandumiga asosan, 1–15-iyul kunlari 11 kishidan iborat koreyalik ko‘ngillilar delegatsiyasi TATUga tashrif buyurgani va tashrifning so‘nggi kunida “Android tizimidagi dasturiy mahsulotlar” ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tgani haqida xabar qilingandi.
Ko‘rgazma natijalariga ko‘ra, Toshkent shahridagi Inha universiteti talabasi Shahzod Boxidjonov boshchiligidagi guruh Fast Cafe dasturi bilan birinchi o‘rinni egalladi. Fast Cafe mobil dasturining asosiy maqsadi foydalanuvchilarga tez ovqatlanish restoranlariga masofadan buyurtma berish imkonini yaratishdan iborat.
Universitetning yana bir talabasi Muxlisa Anvarovaning guruhi X-Ray nomli mobil o‘yini bilan ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. X-Ray o‘yini foydalanuvchilarning epchilligi va chaqqonligini yaxshilashga ko‘mak beradi.
Izoh (0)