Amerika razvedkasi 14-iyul, payshanba kuni Nitssada teraktni amalga oshirgan Muhammad Luxuayej Buxlelning tahdidi haqida oldindan xabardor bo‘lmagan. Bu haqda 17-iyul, yakshanba kuni CNN telekanali efirida AQSh davlat kotibi Jon Kerri ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “TASS”.
“Bizga terrorchining radikal qarashlarga rioya etishi ma’lum bo‘lmagan. Hozirgi paytda surishtiruv natijalarini kutayapman. Biz tergovchilarga qo‘limizdan kelgan barcha ko‘makni ko‘rsatmoqdamiz”, — dedi Amerika diplomatiyasi rahbari.
“Biz fransuzlar bilan yuz bergan hodisa kartinasini yaratish ustida ishlamoqdamiz. Bu pichan g‘aramidan ignani qidirishdan ham qiyinroq”, — deya qo‘shimcha qildi davlat kotibi. Uning ta’kidlashicha, Buxlelning bundan avval Amerika maxsus xizmatlari e’tiboriga tushmaganligi yuqoridagi vazifani qiyinlashtirmoqda.
“Bu odam IShID guruhi tarkibiga kirgan-kirmaganligini bilmayman”, — dedi Kerri.
Eslatib o‘tamiz, 14-iyul oqshomida Bastiliya qal’asining olinishi munosabati bilan uyushtirilgan bayram tadbirlari doirasida mushakbozlikni tomosha qilgani Nitssaning Ingliz sohiliga yig‘ilgan olomon ustiga yuk mashinasi bosib borgan. Hodisa natijasida 84 kishi halok bo‘ldi, 202 kishi yaralandi. Hodisa uchun javobgarlikni IShID o‘z zimmasiga oldi.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.
Izoh (0)