O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasida hududiy davlat soliq organlari, tizim o‘quv yurtlari va qo‘mita huzuridagi markazlar rahbarlari ishtirokida kengaytirilgan Hay’at yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi axborot xizmati xabar bermoqda.
Yig‘ilishda davlat soliq xizmati organlarining asosiy faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha 2016-yilning I yarim yilligi natijalari, soliq tushumlari to‘liqligini ta’minlashda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar har bir hudud kesimida tanqidiy muhokama qilinib, III chorak uchun belgilangan prognoz ko‘rsatkichlari bajarilishini ta’minlash borasidagi dolzarb vazifalar belgilab olindi.
Shuningdek, unda birinchi darajali to‘lovlarni amalga oshirishda naqd pul tushumlari to‘liqligini ta’minlash, mablag‘larning bankdan tashqari aylanmasini qisqartirish borasidagi kamchiliklar, debitorlik va kreditorlik qarzlarning oshishi sabablari, soliq qarzi va ortiqcha to‘lovni qisqartirish, soliq obyektlari va subyektlarini to‘liq hisobga olish, soliqlar yig‘iluvchanligini oshirish borasidagi ishlar ahvoli batafsil muhokama qilinib, kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.
Yig‘ilishda davlat soliq xizmati organlaridagi vakant lavozimlarni yuqori malakali xodimlar bilan jamlash, kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ahvoli muhokama qilinib, tegishli topshiriqlar berildi. Muhokama natijalari bo‘yicha, faoliyatida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yganligi uchun hududiy davlat soliq xizmati organlari rahbar xodimlaridan 2 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etildi va 37 nafariga tegishli intizomiy jazo choralari qo‘llanildi.
Eslatib o‘tamiz, 2015-yilning oktabr oyida Davlat soliq qo‘mitasida o‘tkazilgan yig‘ilishda markaziy apparat tarkibiy tuzilmalari va hududiy davlat soliq xizmati organlari rahbarlaridan 2 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etilib, 39 nafariga nisbatan tegishli intizomiy jazo choralari qo‘llanilgandi. 2015-yilning yanvarida o‘tkazilgan Hay’at yig‘ilishida esa davlat soliq xizmati organlari rahbarlarining 2 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etilib, 31 nafariga tegishli intizomiy jazo choralari qo‘llanilgandi.
Izoh (0)