UEFAning texnik kuzatuv guruhi Fransiya terma jamoasi hujumchisi Antuan Grizmanni 2016-yilgi Yevropa Chempionatining eng yaxshi futbolchisi deb topdi.
25 yoshli hujumchi Yevro—2016 da 6 ta gol urdi va 2 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Uning to‘purarligi Adidas’ning “Oltin butsa” sovrinini qo‘lga kiritishiga zamin yaratdi.
Grizmann Portugaliyaga qarshi final bellashuvida gol ura olmagan bo‘lsada, Fransiyaning hal qiluvchi o‘yinga yetib kelishida muhim o‘rin tutdi. U nimchorak finalda Irlandiya postiga, yarim finalda esa Germaniya darvozasiga ikkita gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Islandiyaga qarshi chorak final uchrashuvini ham golsiz tark etmadi.
“Antuan Grizmann har bir uchrashuvda raqiblariga xavf tug‘dira oldi. U kuchli texnikaga ega bo‘lgan, to‘pni o‘zida ushlab tura oladigan va hujumni muvaffaqiyatli yakunlashi mumkin bo‘lgan jamoaviy futbolchi. Texnik kuzatuv guruhi a’zolari Grizmanning eng yaxshi ekani borasida yakdil fikr bildirdi”, — deya ta’kidladi UEFAning katta texnik ofitseri Ioan Lupesku.
UEFA tomonidan Yevro—2016 bellashuvlarini kuzatib borish va tahlil qilish uchun tuzilgan texnik kuzatuv guruhida Aleks Fergyuson, Alen Jiress, Devid Moyes, Tomas Shaaf, Savo Miloshevich, Miksu Paatelaynen, Garet Sautgeyt, Peter Rudbek, Xines Melendes, Jan-Pol Brigger, Jan-Fransua Domerg va Peki Bonner kabi mutaxassislar faoliyat olib bordi.
Izoh (0)