Angliya terma jamoasining sobiq futbolchisi Pol Gaskoyn ichkilikbozlik tashxisi bilan shifoxonaga yotqizildi. Bu haqda, Britaniyaning Mirror nashriga tayanib, “TASS” xabar bermoqda.
Aytilishicha, 49 yoshli Gaskoyn shifoxonaga boshi yorilgan, oyoqyalang holda yetkazilgan.
Gaskoyn alkogolizmdan aziyat chekayotgani ko‘pdan buyon ma’lum. Xususan, 2014-yil oktabrida u Londondagi klinikalardan birida davolanish kursidan o‘tgan edi. Bir yildan so‘ng u sobiq dugonasi Amanda Tomasni ta’qib qilishda ayblandi. 2015-yil dekabrida tibbiy muassasalardan birining xodimlari mast Gaskoynni qo‘li yarador holda topib oldi.
Gaskoyn o‘yinchilik faoliyati davomida Angliyaning “Nyukasl”, “Middlsbro”, “Everton”, “Tottenhem”, Italiyaning “Latsio”, Shotlandiyaning “Reynjers” jamoalari tarkibida to‘p surgan. Shotlandiya jamoasi tarkibida u ikki karra mamlakat chempioni, shuningdek, Milliy kubok va Superkubok sohibi bo‘lgan.
Gaskoyn Angliya futboli shon-sharaf zaliga kiradi. Terma jamoa tarkibida 57 o‘yin o‘tkazgan futbolchi o‘nta to‘p muallifiga aylangan. U faoliyatini 2004-yilda yakunlagan.
Izoh (0)