Eronlik hujumchi Sardor Azmunga futboldan 4 oylik diskvalifikatsiya tahdid qilmoqda. Voqealar rivoji shunday bo‘lib chiqsa, u JCh—2018 saralashidan joy olgan O‘zbekistonga qarshi uchrashuvni qo‘yib yuborishi mumkin.
“Sports.ru”ning xabar berishicha, Sardor Azmun bilan shartnomasi bo‘lgan Qozonning “Rubin” klubi Rossiya Futbol Ittifoqiga ariza bilan murojaat qilgan. Shikoyatda hujumchining “Rostov” safida o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazgani ko‘rsatilgan.
“Rubin” lagerini tark etib, Eronga jo‘nab ketgan Azmun, bir necha kundan keyin Avstriyada yig‘in o‘tkazayotgan “Rostov” safida “Trenchin”ga qarshi o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazgan. “Rostov” uchrashuv qaydnomasida faqatgina boshlang‘ich tarkib futbolchilarini ko‘rsatgan bo‘lsada, Slovakiya klubi o‘yin translyatsiyasini Youtube’ga joylashtirgandi, unda esa Sardor Azmun ko‘rinib qolgan.
“Biznes Online” ma’lumotiga ko‘ra, “Rostov” eronlik hujumchini klub a’zosi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazishga urinib ko‘rgan. Biroq RFPL bunga futbolchining “Rubin” bilan shartnomasi bo‘lgani vajidan ruxsat bermagan.
“Rubin”ning shikoyati qondirilsa, Sardor Azmun 4 oyga futboldan chetlatilishi, “Rostov” esa ketma-ket ikki transfer darchasida yangi futbolchilarni o‘z safiga qo‘shib ololmasligi mumkin.
O‘zbekiston va Eron milliy terma jamoalari o‘rtasidagi JCh—2018 yo‘lidagi bellashuv 2016-yilning 6-oktabr kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadi.
Izoh (0)