Shu kunlarda Xitoy Xalq Respublikasining Pekin, Shanxay va Sian shaharlarida “O‘zbek kinosi kunlari” festivali o‘tkazilmoqda. Madaniy tadbirning tantanali ochilish marosimi 28-iyun kuni Pekin shahrida bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda “O‘zbekkino” Milliy agentligi matbuot xizmati.
Unda Xitoy Xalq Respublikasi Matbuot, noshirlik, radioeshittirish, kinematografiya va televideniye ishlari bo‘yicha Davlat bosh boshqarmasi boshlig‘i Chjan Xunsen, China Film Promotion kompaniyasi rahbari Jiyao Vang Fen hamda “O‘zbekkino” Milliy agentligi Bosh direktori Otabek Musayev boshchiligidagi o‘zbek kinematografchilaridan iborat delegatsiya ishtirok etdi.
Festival rejissor Yolqin To‘ychiyev tomonidan suratga olingan “Hayotda...” filmi bilan ochib berildi. Shuningdek, festival doirasida O‘zbekiston kinoijodkorlari tomonidan yaratilgan “Quduq”, “Vijdon”, “Ota”, “Tubanlik”, “Sehrli qalpoqcha” nomli badiiy filmlar xitoylik kinoixlosmandlarga namoyish etiladi.
Tadbirlar doirasida kinematografiya yo‘nalishidagi aloqalarni yanada mustahkamlash, hamkorlikda kinofilmlar ishlab chiqarish, kinematografiya obyektlarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash bo‘yicha Xitoy Xalq Respublikasi Madaniyat vazirligi, Matbuot, noshirlik, radioeshittirish, kinematografiya va televideniye ishlari bo‘yicha Davlat bosh boshqarmasi hamda bir qator yirik kinostudiyalar rahbarlari bilan muzokaralar olib borish ko‘zda tutilgan.
Izoh (0)