Ledi Gaga Dalay-lama bilan uchrashuvidan so‘ng Xitoy kommunistlar partiyasining “tashqi dushman kuchlar” ro‘yxatiga kiritildi va mamlakatda persona non grataga aylandi. Bu haqda TJournal xabar bermoqda.
Amerikalik xonanda va Dalay-lamaning uchrashuvi 26-iyun, yakshanba kuni Indianapolisda, AQSh merlari anjumanida bo‘lib o‘tdi. Gaga quvg‘indagi Tibet oliy rahbari bilan anjuman sahnasida va shaxsan suhbatlashdi. Ular meditatsiya, ruhiy salomatlik va insoniyat xalos bo‘lishi lozim bo‘lgan illatlarni muhokama qilgani bildirilmoqda.
Rasmiy Pekin Xitoy hududida Ledi Gaganing barcha qo‘shiqlarini taqiqlash yuzasidan ko‘rsatma berdi. Mahalliy veb-saytlar uning treklarini tarmoqda tarqatmasligi, davlat OAVlari esa Dalay-lama bilan uchrashuvni qoralashi lozim. Oldinroq shu sababga ko‘ra Xitoyda Oasis va Maroon 5 guruhlari, shuningdek, xonanda Byork ijodi man etilgandi.
Izoh (0)