Britaniyaning eng yirik aviakompaniyasi British Airways o‘z samolyotlarining Sinay yarim orolining janubiy chekkasida joylashgan Misrning Sharm-ash-Shayx kurort shahriga parvoz qilishi bo‘yicha taqiqni noma’lum muddatga cho‘zishga qaror qildi. Bu haqda “TASS” xabar berdi.
“Mijozlarimizning xavfsizligi biz uchun doim birinchi o‘rinda turadi. Biz Gatvikdan (London aeroporti) Sharm-ash-Shayxga parvozlarimizni noma’lum muddatga to‘xtatdik”, — deyiladi British Airways’ning kompaniya saytiga joylashtirilgan bayonotida.
Kompaniyaning ma’lum qilishicha, ushbu kurortga keyinchalik bekor qilingan qishki reyslarga oldindan aviachipta xarid qilgan mijozlarga puli to‘liq qaytariladi yoki ular shu narxda taklif etiluvchi dunyoning istalgan kurortiga uchish yo‘nalishini tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ko‘plab aviakompaniyalarning Misr kurortiga parvozlarini to‘xtatishiga Rossiya A321 samolyotining 2015-yil 31-oktabrdagi halokati sabab bo‘ldi. “Kogalimavia” aviakompaniyasiga qarashli samolyot Sharm-ash-Shayxdan Sankt-Peterburgga reysni amalga oshirayotgan edi. Samolyot bortida bo‘lgan 224 kishining barchasi aviahalokat natijasida halok bo‘lgan.
Izoh (0)