O‘zbekistonda o‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi. Uning mablag‘larini shakllantirish va ishlatish tartibi to‘g‘risidagi nizom Vazirlar Mahkamasining 10-iyundagi qarori bilan qabul qilindi, deb xabar bermoqda “Gazeta.uz”.
Yangi struktura Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi qoshidagi O‘rmon xo‘jaligi bosh boshqarmasi huzurida tashkil etiladi. Jamg‘armaning maqsadi — o‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish uchun mablag‘larni shakllantirish, o‘rmon xo‘jaliklarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, o‘rmon jamg‘armasi yerlaridagi o‘simlik va hayvonot dunyosini himoya qilish, saqlash va qayta tiklash.
Jamg‘arma budjeti o‘rmon jamg‘armasi yerlaridan foydalanish uchun talabnomalarni ko‘rib chiqish hamda ruxsatnomalar berish uchun to‘lovlar, o‘rmon jamg‘armasi yerlaridagi o‘simlik va hayvonot dunyosiga yetkazilgan zarar uchun undirilgan tovon pullari, yerlardan xo‘jalik, madaniy-ma’rifiy, sog‘lomlashtirish, rekreatsion va estetik maqsadlarda foydalanish uchun to‘lovlar, xayriya tushumlari va boshqalar hisobidan shakllantiriladi.
Bu mablag‘ o‘simlik va hayvonot dunyosiga yetkazilgan zararning oldini olish hamda uning oqibatlarini bartaraf etish, o‘rmonlarni himoya qilish va ekologik monitoring uchun texnika va texnologiyalar xarid qilish, urug‘chilik, seleksiyani rivojlantirish, tabiiy ko‘chatxonalar, volyerlar, serpentariylar, issiqxonalar, dorivor o‘simliklar plantatsiyalari yaratish va boshqa ehtiyojlarga sarflanadi.
Izoh (0)