Ukrainani Yevro—2016 da mag‘lub etgan Shimoliy Irlandiya futbolchilari yaqin-yaqingacha molboqar yoki pochtachi edi
Yevro—2016 ning “C” guruhida ishtirok etayotgan Shimoliy Irlandiya terma jamoasi kecha — 16-iyun kuni qit’a chempionatidagi birinchi g‘alabasini qo‘lga kiritdi. Ukraina terma jamoasiga qarshi harakat qilgan jamoa 2:0 hisobida muvaffaqiyat qozondi.
“Championat.asia” nashri Shimoliy Irlandiya terma jamoasi tarkibida to‘p surgan futbolchilar yaqin-yaqingacha boshqa kasb egalari bo‘lganini qayd etib o‘tdi. Yevroda yaxshi taassurot qoldirayotgan jamoa a’zolari o‘z vaqtida cho‘ponlik qilgan, qurilishda og‘ir mehnat bilan band bo‘lgan yoki uyma-uy yurib, pochtalarni egasiga yetkazgan.
Konor Vashington
Angliyaning “KPR” klubi sharafini himoya qilayotgan futbolchi Ukraina darvozasiga gol urmagan bo‘lsada, g‘alabaga munosib hissa qo‘shdi. 4 yil muqaddam u tonggi 5:30 da uyg‘onib, velosipedda xatlarni o‘z egalariga yetkazardi. Jamoasining mashg‘ulotlariga arang ulguradigan Vashington, velosipedidan yiqilib, ko‘p jarohat olardi.
Styuart Dallas
Dallas besh yil oldin futbolchi bo‘lishiga ham ishonmagan. Angliyaning “Lids” klubi a’zosi shunday hikoya qiladi: “Tonggi 7 dan boshlab sovuq kunda qurilishda mehnat qilardim. O‘sha paytda kimdir mening Yevroda ishtirok etishimni bashorat qilsa, men uni aniqki ahmoqqa chiqarardim. Qurilish menga hayotni qadrlashni o‘rgatdi”.
Konnor Maklaflin
4 yil oldin Maklaflin futboldan ketishga qaror qildi. Uni jarohatlar va sport formasidagi muammolar to‘ydirib yuborgandi. Yuridik universitetga kirdi va shu yo‘l orqali hayotini o‘zgartirishga kirishdi. Kutilmaganda “Flitvud Taun”dan taklif tushib qoldi va Konnor uchun barchasi o‘zgarib ketdi. 2016-yilning 16-iyun kuni u Shimoliy Irlandiya termasi safida Ukrainani mag‘lub etgandi.
Peddi Makneyr
21 yoshli yigit “Manchester Yunayted”ga kelgunicha molboqar edi. — “Otamning kattasi fermasi bo‘lardi. Futbolga borishdan oldin men unga yordam berardim va mehnatim evaziga haq olardim”, — deb hikoya qiladi Makneyr. Qiziq tomoni, u mol boqib yurgan bir vaqtda Ukraina termasining bugungi yetakchilari “Dinamo” yoki “Shaxtyor”da millionlarga ko‘milib yurgandi.
Nayal Makginn
Ukraina termasi darvozasiga g‘alaba golini urgan futbolchi bir vaqtlar regbiga o‘xshab ketadigan irlandcha sport turida shug‘ullanardi. Futbolchi bo‘lganingizdan afsuslanasizmi deb berilgan savolga Nayal shunday javob berdi: — “Yo‘q, albatta. Ahir yomon futbolchi bo‘lganim yo‘q-ku!”
Josh Madjennis
Regbidan futbolga darvozabon bo‘lib o‘tgan Joshning ko‘ngli 2009-yilda hujumda o‘ynashni istab qoldi. — “Meni o‘smirlar terma jamoasiga hujumchi sifatida chaqirishdi. Murabbiy qo‘polliklarim qayerga g‘oyib bo‘lganini so‘raganida, men ular endi yo‘qligini, chunki hujumchiga aylanganimni aytdim. Hayotimda yangi sahifa ochilgandi o‘shanda”, — deb aytib o‘tdi sobiq darvozabon.
Sheyn Fergyuson
Kichik qishloqda tug‘ilgan yigit 13 yoshiga qadar pul evaziga sigir boqib yurgan. — “Irlandcha futbol o‘ynaganim menga yordam bergan. Jussam kichik edi. Keskin mashg‘ulotlar esa yiqilmasdan tura olishni o‘rgatdi”, — degandi Fergyuson.
Maykl O’Nil
Futbolchilik faoliyatini yakunlashi bilan moliya bilim dargohida tahsil olgan bosh murabbiy Shotlandiyaning “Brixin Siti” klubida moliyachi bo‘lib ishlardi. U bu kasbi futboldan ko‘ra ko‘proq foyda keltiradi deb hisoblagan. 2016-yilning 16-iyun kunida uning shogirdlari Yevropa Chempionatlari tarixiga Shimoliy Irlandiyaning birinchi g‘alabasini yozib qo‘ydi.
Izoh (0)