AQSh prezidenti Barak Obama 16-iyun, payshanba kuni Orlando shahriga (Florida shtati) tashrif buyurdi. U yerda Pulse klubidagi teraktda omon qolganlar, shuningdek, qurbonlarning qarindoshlari bilan uchrashdi. Bu haqda “TASS” xabar beradi.
Davlat rahbari, shuningdek, tungi klubda ommaviy qirg‘in uyushtirgan terrorchiga qarshi operatsiyada ishtirok etgan politsiya xodimlari bilan ham uchrashdi.
Oq uy matbuot kotibining o‘rinbosari Erik Shulsning jurnalistlarga ma’lum qilishicha, prezident qurbon bo‘lganlarning oilalariga shaxsan hamdardlik bildirishni va fojia yuz bergan Florida aholisiga amerikaliklar bir tanu bir jon ekanligini ko‘rsatishni istagan.
Tashrif davomida Obamaga AQSh vitse-prezidenti Jozef Bayden, Florida shtati senator va kongressmenlari hamrohlik qildi.
Eslatib o‘tamiz, Orlandodagi Pulse tungi klubiga hujum natijasida 49 kishi o‘ldirildi, 53 kishi yaralandi. Hujumni uyushtirgan shaxs politsiya tomonidan otib tashlandi.
Izoh (0)