Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi JCh—2018 turniriga 3-saralash bosqichi oldidan Iroq termasiga qarshi o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazadi. Bu haqda FIFA rasmiy saytining O‘zbekiston futbol federatsiyasiga ajratilgan sahifasida e’lon qilindi.
FIFA saytida keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, uchrashuv shu yilning 24-iyul kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan, biroq bellashuvning qayerda o‘tkazilishi haqida hozircha ma’lumot yo‘q.
Qayd etish joizki, xabar chop etilayotgan vaqtda O‘zbekiston futbol federatsiyasi rasmiy saytida ushbu o‘yin haqida hech qanday ma’lumot chop etilmagandi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi so‘nggi o‘rtoqlik uchrashuvini 7-iyun kuni Kanada termasiga qarshi o‘tkazib, 1:2 hisobida mag‘lubiyatga uchragan edi.
Ilgariroq O‘zbekiston termasi 10-noyabr kuni Iordaniya bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazishi haqida xabar berilgandi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston terma jamoasining avval Qirg‘iziston, keyin esa Ekvatorial Gvineya bilan 2-iyun kuniga belgilangan o‘rtoqlik uchrashuvi bekor qilininishi tufayli, terma jamoa yakunda Oliy Liga legionerlariga qarshi bahs olib bordi. Yopiq eshiklar ortida o‘tkazilgan bellashuvda 2:2 hisobi qayd etilgandi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston milliy terma jamoasi JCh—2018 turniriga 3-saralash bosqichini 2016-yil 1-sentabr kuni, Suriyaga qarshi Toshkentdagi o‘yin bilan boshlaydi.
Izoh (0)