2016-yilning 9—10-iyun kunlari “O‘zko‘rgazmasavdo markazi” hududida Toshkent shahar Hududiy sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi o‘tkazilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar hokimiyati axborot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Uni avval o‘tkazilgan hududiy yarmarkalardan ajratib turuvchi xususiyati shundaki, u Toshkent shahri va Toshkent viloyatining birlashtirilgan sanoat potensialini ifodalaydi. Bugungi kunda Toshkent shahri va Toshkent viloyatida 17,5 mingdan ziyod sanoat korxonasi faoliyat ko‘rsatib, ulardan qariyb 16,8 mingtasi hududiy tasarrufdagi korxona hisoblanadi.
Joriy yilda shahar va viloyatning sanoat potensialini aks ettiruvchi eksklyuziv stendlarda, Mahalliylashtirish dasturi doirasida o‘zlashtirilayotgan va o‘zlashtirilishi taklif etilayotgan hamda o‘zlashtirilgan sanoat mahsulotlari namunalarini namoyish etayotgan ishtirokchi korxonalarning soni qariyb 400 tani tashkil etdi (2015-yilga nisbatan 1,2 marotaba ko‘p).
Sanoat ishlab chiqarishning deyarli barcha tarmoqlari mahsulotlari namoyish qilinib, bular jumlasiga elektrotexnika (maishiy elektr tovarlari ishlab chiqarish bilan birga), metallurgiya, mashinasozlik, qurilish materiallari sanoati, farmatsevtika, tibbiyot, oziq-ovqat va qayta ishlash, yengil sanoat, charm-poyafzal, kimyo, mebel, chinni mahsulotlari, poligrafiya va boshqalar kiradi. Shuningdek, innovatsion texnologiyalar bo‘yicha ishlab chiqarilayotgan va keng ko‘lamdagi xalq iste’moli mahsulotlari, sport tovarlari va bolalar uchun mahsulotlar namoyish etilmoqda.
2015-yilgi Hududiy sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi doirasida o‘tgan yarmarka ko‘rsatkichlaridan 1,2 marta ko‘proq 66,5 milliard so‘mlik shartnomalar imzolangan. Ishtirokchilar tomonidan mahsulotlarini eksportga yetkazib berish uchun 88,8 million dollar hajmidagi shartnomalar imzolandi. Joriy yilda 72 milliard so‘mlik shartnomalar va 100 million dollarlik eksport shartnomalari imzolanishi kutilmoqda.
Izoh (0)