O‘zbekiston va Qozog‘iston savdo-iqtisodiy hamkorlikni o‘stirib, ikki davlat mintaqalarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarini rivojlantirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Qozog‘istonning Toshkentdagi elchisi Yerik Utembayev 8-iyun kuni o‘tkazilgan brifingda aytib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Gazeta.uz”.
2015-yil yakunlariga ko‘ra ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmi 3 milliard dollarni tashkil etdi. Elchi kelajakda ushbu ko‘rsatkichni 5 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilayotganini ta’kidlab o‘tdi.
Diplomat mintaqalar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratdi:
“Mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish niyatimiz bor. O‘zbekiston bilan chegaradosh to‘rt viloyatgina nazarda tutilmayapti. O‘zbekiston tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri Elyor G‘aniyev bilan yaqinda bo‘lib o‘tgan uchrashuvimizda “Mintaqalar forumi”ni yaratish g‘oyasini muhokama qildik. U yerda Qozog‘iston va O‘zbekiston mintaqalaridagi biznes vakillari qo‘shma rejalarni muhokama qila oladi. Shuningdek, u mahalliy ma’muriyatlar rahbarlari ishtirokida muhokamalar o‘tkazish maydonchasiga aylanishi mumkin”.
Izoh (0)