“Yandeks” va Facebook ma’lumotlar almashish, xizmatlarni birga ilgari surish yuzasidan muzokaralarni boshladi. Bu haqda Meduza xabar bermoqda.
“Vedomosti” nashri manbalariga ko‘ra, Facebook’ni taksi chaqirish, mahsulotlar, avia va kinochiptalar xarid qilish, mehmonxonalarda xona buyurtma qilish kabi Rossiyada ommalashgan servislar qiziqtirmoqda. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari bu servislar haqini to‘lashi yoki Facebook’ning o‘zida “Yandeks.Market” orqali xarid qilishi, mazkur tranzaksiyalar tushumini esa kompaniyalar bo‘lishib olishi mumkin. Shuningdek, kompaniyalar reklama sotish uchun foydalanuvchilar haqidagi ma’lumotlarni umumlashtirishni ham muhokama qilayotgani bildirilmoqda.
O‘zining mobil platformasi bo‘lmagan va raqibi — Google Android orqali servislari tarqalayotganidan norozi “Yandeks” uchun Facebook muvaffaqiyatli rivojlanayotgan mobil muhitga yo‘l topish ahamiyatli bo‘lishi mumkin. Facebook rasmiy vakili sheriklik haqidagi savollarga javob qaytarmagan, “Yandeks” esa qidiruv tizimi turli kompaniyalar bilan muzokaralarga doim ochiq ekanligini ma’lum qilgan.