Qozog‘istonning Aqto‘be shahrida 6-iyun, dushanbaga o‘tar kechasi amalga oshirilgan aksilterrorchilik operatsiyasi davomida besh nafar ekstremist yo‘q qilindi, yana ikki nafari qo‘lga olindi. Bu haqda, Qozog‘iston IIV matbuot xizmati ma’lumotiga tayanib, “RIA Novosti” xabar berdi.
“Tungi tezkor-qidiruv tadbirlari davomida politsiya xodimlariga qarshilik ko‘rsatgan yana besh nafar jinoyatchi yo‘q qilindi va ikki nafari qo‘lga olindi”, — deyiladi xabarda.
Press-relizga ko‘ra, jinoyatchilardan o‘g‘irlangan qurollarning katta qismi musodara qilingan.
“Bosqinchilik hujumini amalga oshirishga aloqador barcha jinoyatchilarning shaxsi aniqlandi. Ularni qidirish va qo‘lga olish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda”, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, 5-iyun kuni noma’lum shaxslar Qozog‘istonning Aqto‘be shahrida joylashgan bir qancha qurol do‘konlarini talon qilib, shundan so‘ng politsiya bilan to‘qnash kelganligi haqida ma’lum qilingan edi.