AQShning Sent-Luis shahri (Missuri shtati) prokuraturasi qora tanli o‘smirni qo‘lga olish chog‘ida unga qarata o‘q uzgan ikki oq tanli politsiyachiga nisbatan ayblov e’lon qilishni rad etdi. Bu haqda 2-iyun, payshanba kuni prokuror Jennifer Joys ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “TASS”.
Hodisa o‘tgan yilning avgust oyida yuz bergan edi. O‘shanda nomlari oshkor etilmagan tartib qo‘riqchilari Sent-Luisdagi turar-joylardan birida tintuv o‘tkazish uchun kelgan edi. Shu vaqtda binoda bo‘lgan 18 yoshli Mansur Boll-Bey va yana bir afroamerikalik orqa eshikdan qochishga uringan. Tartib qo‘riqchilarining so‘zlariga qaraganda, ularning to‘xtash haqidagi talabiga javoban Boll-Bey to‘pponcha bilan tahdid qilgan. Natijada qonun himoyachilarining o‘t ochishi oqibatida yigit halok bo‘lgan.
Halok bo‘lgan yigitning qarindoshlari o‘smirning yonida qurol bo‘lmaganligini ta’kidlagan. Biroq Joys ularning bayonotlarini rad qildi.
Uning so‘zlariga qaraganda, voqea joyidan Boll-Beyning barmoq izlari bo‘lgan o‘qlangan to‘pponcha topilgan. Shu munosabat bilan surishtiruv natijalariga asoslanib, prokuror politsiyachilarning harakatlarini o‘z-o‘zini himoya qilish doirasidan chetga chiqilmagan deb topdi.
Izoh (0)