Valio kompaniyasi Finlyandiya janubidagi Tampere shahrida joylashgan zavodida sut mahsulotlari ishlab chiqarishni to‘xtatishini ma’lum qildi. Korxonaning yopilishi oqibatida 50 kishi ishsiz qolishi mumkin, deb xabar bermoqda “RBK”.
Ishlab chiqarish quvvatlari optimizatsiyasi zaruratini Valio sut bozoridagi vaziyat bilan tushuntirmoqda. Oxirgi ikki yil ichida kompaniyaning savdodan ko‘rayotgan daromadi jiddiy tarzda tushib ketdi, bunga Rossiya tomonidan YeI davlatlarining sut mahsulotlariga nisbatan joriy etilgan embargo ham sabab bo‘lgani aytilmoqda.
2015-yilda Valio’ning Finlyandiyadagi xaridlardan tushumi 11,7 foizga (1,116 milliard yevrogacha) tushib ketdi, 2014-yilda esa eksportdan ko‘rilayotgan foyda 9 foizga, 2015-yilda — 12,3 foizga tushdi: 2013-yilda 755 million yevroga teng bo‘lgan ushbu ko‘rsatkich 2015-yilga kelib 602 million yevrogacha pasaydi.
O‘tgan yili kompaniyaning Tampere zavodida ishlab chiqarish quvvatlarining kattagina qismi yopilgan, shundan buyon zavodda faqat pishloq ishlab chiqarilayotgan edi. O‘shanda sut ishlab chiqarish boshqa korxonalarga ko‘chirilgani bois 70 kishi ishsiz qolgan edi.
Izoh (0)