Madridning “Real” klubi hujumchisi Krishtianu Ronaldu Yevropa Chempionlar Ligasi finalida “Atletiko”ga qarshi kechadigan o‘yin oldidan fikrlarini bildirib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Uff.uz”.
“Men kichik jarohat oldim, ammo ertaga yoki indinga to‘liq tayyor bo‘laman. YeChLdagi shaxsiy rekordimni yangilasam yaxshi bo‘lardi, ammo men rekordlarga bog‘lanib qolmaganman. Ular o‘z-o‘zidan paydo bo‘ladi. Eng muhimi – g‘alaba qozonish. Garchi gol ura olmasam ham, g‘alabaga erishsak, xursand bo‘laman. Rekord esa meniki bo‘lib qolaveradi. Albatta, gol urishni istayman, ammo buni uddalay olmasam ham ‘Real’ga navbatdagi Chempionlar Ligasi kubogini boshqa jamoadoshim keltirishiga umid qilaman”, – dedi Ronaldu.
Kecha, 24-may kuni Ronaldu “Real”ning navbatdagi mashg‘ulotida jarohat olib, mashg‘ulotni oxiriga yetkazmay maydonni tark etgandi. Keyinroq olingan jarohat jiddiy xarakterga ega emasligi ma’lum bo’ldi.
Ma’lumot o‘rnida, portugaliyalik 31 yoshli futbolchi joriy mavsum davomida YeChLning 11 uchrashuvida 16 ta gol kiritdi. U 2013/2014-yilgi mavsumda YeChL o‘yinlarida jami 17 ta gol urib, rekord o‘rnatgan edi.
Eslatib o‘tamiz, “Real” 28-may, shanba kuni Yevropa Chempionlar Ligasi finalida “Atletiko”ga qarshi bahs olib boradi. Mazkur uchrashuv Milan shahridagi “San-Siro” stadionida o‘tkaziladi.
Izoh (0)