Buyuk Britaniya politsiya zobitlari bo‘linmasi Fransiyada bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha Yevropa chempionatiga ko‘p sonli britaniyalik sport muxlislari bilan birgalikda yo‘l olib, fransiyalik hamkasblariga yordam beradi. Bu haqda, The Times nashriga asoslanib, “TASS” xabar bermoqda.
Ta’kidlanishicha, politsiya Angliya va Uels terma jamoalari ishtirokidagi o‘yinlarda “madaniyat tarjimonlari” sifatida qatnashib, odatda qattiqqo‘llik bilan harakat qiladigan Fransiya maxsus kuchlari muxlislarga nisbatan ortiq darajada qo‘pol ishlamasligini nazorat qiladi.
“Chet elda ko‘plar Angliyaning asosiy muammosi futbol o‘yinlaridagi zo‘ravonlik deb o‘ylar edi, ammo bu stereotip eskirib ketdi”, — dedi maxsus bo‘linmaga rahbarlik qiladigan politsiya superintendanti Stiv Nill.
Bu missiyaning amalga oshirilishi uchun Fransiyaning ruxsati talab etiladi.
11-iyun kuni angliyalik futbolchilar Marselda Rossiya terma jamoasiga qarshi maydonga tushgan paytda birinchi keskinlik yuzaga kelishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. Nashrning uqtirishicha, politsiyachilar rossiyalik va angliyalik bezorilarning til biriktirishi holatlarini aniqlash maqsadida ijtimoiy tarmoqlarni kuzatib bormoqda. Shuningdek, britaniyalik va rossiyalik tomoshabinlar diniy ekstremistlar nishoniga aylanishi mumkinligi bilan bog‘liq tahdidlar bor.
Yevropa chempionati terrorchilik tahdidi butunlay bartaraf qilinmagan murakkab bir sharoitda o‘tmoqda. 2015-yilning noyabr oyidagi teraktlardan so‘ng Fransiyada joriy etilgan favqulodda holat Yevro–2016 va “Tur de Frans” velopoygasi o‘tkazilishi munosabati bilan iyul oyining oxiriga qadar uzaytirildi.
Izoh (0)