O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 24-may kuni Oqsaroyda Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovni qabul qildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqboli, xalqaro siyosatga doir dolzarb masalalar muhokama etildi.
O‘zbekiston rahbari Rossiya tashqi ishlar vazirini qutlar ekan, joriy yilning aprel oyida Moskvada o‘tgan oliy darajadagi O‘zbekiston – Rossiya muzokaralari yakunlariga yuksak baho berdi va bu barcha yo‘nalishlarda o‘zaro munosabatlarni har tomonlama rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Bugungi kunda oliy darajadagi uchrashuvlar chog‘ida erishilgan, avvalo, savdo-iqtisodiy sohadagi kelishuvlarni amalga oshirish muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi. Bu jahon iqtisodiyotida murakkab o‘zgarishlar ro‘y berayotganiga qaramasdan o‘zaro savdo hajmini nafaqat saqlab qolish, balki ko‘paytirish imkonini beradi.
Tomonlar 2015–2019-yillarda iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va chuqurlashtirishning asosiy yo‘nalishlariga oid bitim doirasida raqobatbardosh va xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha yangi investitsiyaviy loyihalarni birgalikda amalga oshirishdan manfaatdor ekani ta’kidlandi.
Rossiya tashqi ishlar vaziri samimiy qabul va o‘zaro munosabatlar, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashish imkoniyati uchun Prezidentga minnatdorlik bildirdi. Lavrov Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashining majlisi xususida o‘z fikrini bildirar ekan, O‘zbekistonning ShHTga samarali raisligi Toshkent sammitining muvaffaqiyatli o‘tishini ta’minlashiga ishonch bildirdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishning boshqa istiqbolli yo‘nalishlari bo‘yicha ham fikr almashildi.
Izoh (0)