O‘zbekiston davlat konservatoriyasida damli va zarbli cholg‘u asboblari ijrochiligi bo‘yicha “San’at g‘unchalari” xalqaro tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA axborot berdi.
Xalq ta’limi, Madaniyat va sport ishlari vazirliklari, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi, O‘zbekiston Bastakorlar uyushmasi hamkorligida tashkil etilgan nufuzli tanlovda O‘zbekiston va qator mamlakatlardan zarbli va damli cholg‘u asboblari ijrochiligi yo‘lida izlanayotgan 160 dan ortiq yosh iste’dod qatnashdi.
Tanlovda ishtirokchilar fleyta, goboy, klarnet, fagot, saksofon, truba, valtorna, trombon, tuba kabi damli va zarbli cholg‘u asboblarida milliy va jahon klassik musiqalaridan kompozitsiyalarni ijro etdi.
Tanlov doirasida ishtirokchilar Samarqand shahrida bo‘lib, me’moriy obidalar va tarixiy yodgorliklarni ko‘zdan kechirdi. Bolalar musiqa va san’at maktablarida yaratilgan sharoitlar, musiqa ta’limi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishdi.
Tanlov yakunida barcha yo‘nalishlar bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar taqdirlandi. Yosh iste’dod sohiblari ishtirokida konsert namoyish etildi.
Izoh (0)