Davlat bojxona qo‘mitasining Toshkent shahar bojxona boshqarmasi va “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi tomonidan Toshkentdagi 1-Respublika Pedagogika kollejida “Yoshlar terrorizm va odam savdosiga qarshi!” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Davlat Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar beradi.
Mehnat vazirligi qoshidagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi va “Istiqbolli avlod” ijtimoiy axborot markazi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda kollej talabalari, ustoz-murabbiylar, bojxonachilar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
2015-yil va 2016-yilning dastlabki choragi davomida bojxona organlari tomonidan odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha 12 ta holat aniqlanib, 20 nafar o‘zbekistonlik fuqaroning odam savdosi qurboniga aylanib qolishining oldi olinib, ularga nisbatan profilaktik choralar qo‘llanildi.
Jumladan, Toshkent Xalqaro aeroportida oldindan olingan ma’lumotlar asosida bojxonachilar va huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida poytaxtlik fuqaro G. Baxtiyorova (ism-shariflar o‘zgartirilgan) sirdaryolik fuqaro I. Anvarovani aldov yo‘li bilan Rossiyaga olib chiqib ketayotgan paytda to‘xtatib qolindi. Surishtiruvlar chog‘ida ma’lum bo‘lishicha, Anvarovani xorijda fohishalikka majburlash rejalashtirilgan ekan.
Ayni shu taqdirdan chilonzorlik fuqarolar S. Valiyeva va L. Javohirova ham bojxonachilarning ko‘magi ostida qutulib qoldi. Ularni sirg‘alilik S. Gaziyeva Toshkent—Istanbul reysi bo‘yicha aldab safarga olib chiqqan paytda to‘xtatib qolindi.
Izoh (0)