AQShning xalqaro rivojlanish bo‘yicha agentligi (USAID) va Project HOPE O‘zbekistonga dori vositalaridan iborat gumanitar yuk yetkazib berdi. Bu haqda, AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmatiga asoslanib, “Gazeta.uz” xabar bermoqda.
GlaxoSmithKline va Merk Sharp & Dohme farmatsevtik kompaniyalari taqdim etgan medikamentlar qiymati 2,255 million dollarga baholanmoqda. Ular AQShdan O‘zbekistonga “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi tomonidan olib kelindi.
10-may kuni bo‘lib o‘tgan gumanitar yukni taqdim etish marosimida O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Anvar Alimov, AQSh elchisi Pamela Spratlen, USAID’ning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy missiyasi direktori Jorj Deykun, Project HOPE’ning Yevropa va Yevrosiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Mariam Sianozova va boshqalar ishtirok etdi.
1992-yildan buyon USAID O‘zbekistonga jami 356 million dollar miqdoridagi ko‘mak ko‘rsatdi.
Izoh (0)