Angliya Premyer-ligasining 37-turida “Manchester Siti” 2 ochko yo‘qotdi. O‘z maydonida “Arsenal”ni qabul qilgan Manuel Pellegrini jamoasi 2:2 hisobida durang o‘ynadi.
Mazkur ochko yo‘qotishdan keyin “Manchester Siti”ning mavsumni kuchli to‘rtlikda yakunlash masalasi katta so‘roq ostida qoldi. Klub 38-turda “Suonsi”ni mag‘lub etib ham, Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini boy berishi mumkin. Buning uchun “Manchester Yunayted” o‘z hisobidagi ikki o‘yinda zafar quchishi kerak bo‘ladi.37-turdan keyin ochkolari sonini 68 taga yetkazib olgan “Arsenal”, 70 ochkosi bor “Tottenhem”dan keyin uchinchi bo‘lib turibdi. “Manchester Siti” hisobida 65, “Manchester Yunayted”da esa 63 ochko bor. Birgina farq shundaki, Lui Van Gal jamoasi hisobida qo‘shimcha 1 ta o‘yin mavjud.
10-may kuni “Manchester Yunayted” safarda “Vest Hem”ga qarshi kurash olib boradi. 15-may kuni esa APLning so‘nggi turida “Bornmut”ni qabul qiladi. Mazkur bellashuvlarda qo‘lga kiritiladigan 6 ochko “MYu”ni Chempionlar Ligasining so‘nggi ishtirokchisiga aylantiradi.
Ma’lumot uchun, 37-turni g‘alaba bilan yakunlaganiga qaramay, “Liverpul” kuchli to‘rtlikka kirish imkoniyatini qo‘ldan boy berdi. Yurgen Klopp jamoasi kelasi mavsum Chempionlar Ligasida to‘p surishni istasa, 18-may kuni bo‘lib o‘tadigan Yevropa Ligasining finalida “Sevilya”ni mag‘lub etishi kerak bo‘ladi.
Angliya Premyer-ligasi 37-tur bellashuvlari 8-may, yakshanba
Izoh (0)