AQShda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tishiga yarim yildan sal ko‘proq vaqt qoldi. Har bir partiyadan nomzod aniqlanishi uchun demokratlar yana 19, respublikachilar esa yana 15 shtatda praymeriz o‘tkazishi kerak. Eng muhim shtatlarda (Nyu-York, Florida, Texas, Massachusets) ovoz berish allaqachon bo‘lib o‘tdi. Pensilvaniya, Kaliforniya va Indianadagi praymeriz barchasini hal qilishi mumkinligi aytilmoqda. 2016-yil iyulida ikkala partiya ham o‘z syezdlarini o‘tkazib, nomzodlarning biri uzil-kesil belgilanadi. Saylovlar 2016-yil 8-noyabrida bo‘lib o‘tadi.
Shu munosabat bilan “RBK” AQSh prezidentligi uchun bellashuvda moliyaviy masalalar qanday hal qilinishi haqida hikoya qilib berdi.
Saylov uchun 1 milliard
Aprel oyida The New York Times gazetasi saylovoldi kampaniyasi ishtirokchilari uchun jami bir milliard dollar to‘planganini ma’lum qildi. Bu summaning 222 million dollardan ko‘prog‘i Klintonning kampaniyasiga o‘tkazildi. Fevral boshida nomzodlikdan voz kechgan Berni Sanders 139,8 million dollar to‘play oldi.Texaslik senator, Donald Trampning raqibi Ted Kruzga moliyaviy donorlar kampaniya boshida anchayin sovuq munosabatda bo‘lgan edi. Kruzni istiqboli yo‘q konservator deb hisoblagan homiylar Floridaning sobiq gubernatori Jeb Bush hamda o‘sha shtat senatori Marko Rubioga moyillik ko‘rsatayotgan edi. Ammo Tramp praymerizda ketma-ket g‘alaba qozona boshlaganidan so‘ng katta kapital egalari o‘z strategiyasini o‘zgartirdi.
Aprel oyining oxiri ko‘rsatkichlariga muvofiq, Kruzning saylovoldi kampaniyasiga 122 million dollar to‘plandi. Qiyos uchun, Bush kurashni 159 million dollar bilan, Rubio esa 119 million dollar bilan yakunladi. Martning oxirida donorlar Nyu-Yorkda uchrashuv o‘tkazib, Kruzga qo‘shimcha yordam ko‘rsatishga qaror qildi. Bush va Rubioning kampaniyasini moliyalashtirganlarning ko‘pchiligi oxirgi haftalar mobaynida texaslik senatorga investorlarni jalb qilish bilan mashg‘ul bo‘ldi.
Siyosatchining fandrayzing tadbirlaridan biri Las-Vegasdagi Venetian kazinosida bo‘lib o‘tdi; muassasa respublikachilarning eng yirik donorlaridan biri Sheldon Adelsonga tegishlidir. Trusted Leadership siyosiy xatti-harakatlar qo‘mitasi rahbari Kellian Konveyning so‘zlariga qaraganda, respublikachilarning homiylari uchun Kruz va Tramp nomzodlari ortiq “otib o‘ldirilish va zaharlanish o‘rtasidagi tanlov” emas — ular Kruzni “uncha yomon bo‘lmagan nomzod” deb hisoblamoqda.
Kruzni eng yirik homiylardan aka-uka milliarderlar Ferris va Den Uilkslar hamda ularning rafiqalari qo‘llab-quvvatladi — ular nomzodning kampaniyasiga 15 million dollar ajratdi, deb yozadi Politico. Uning kampaniyasiga, shuningdek, dunyodagi eng omadli xej-fondlardan biri bo‘lgan Renaissance Technologies direktorlar kengashi hamraisi Robert Merser 12,5 million dollar ajratdi. Merser shaxsiy mablag‘laridan shuncha pul ajratgan bo‘lsa, uning kompaniyasi bundan tashqari yana 11 million investitsiya kiritdi.
Tramp kampaniyasi 36,7 million dollar to‘play oldi, bu mablag‘ning 24,6 million dollarlik qismi milliarderning o‘z pullari, 9,5 million dollar esa kichik hajmlardagi ehsonlardan to‘plangan mablag‘dir. To‘plangan mablag‘dagi jiddiy tafovutga qaramay, 19-aprel kuni Tramp Nyu-Yorkdagi praymerizda ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi. Unga qadar uchta shtatda (Yuta, Shimoliy Dakota, Viskonsin) g‘alaba qozongan Kruz bu safar birorta ham ovoz to‘play olmadi. Endilikda Trampda 845, Kruzda esa 545 ovoz bor. Yakuniy g‘alaba uchun nomzodlardan biri 1237 ta ovoz to‘plashi lozim. Agar qolgan 15 shtatdagi praymerizda birorta nomzod bu natijani qayd qila olmasa, ular orasidagi tanlovni maxsus syezdda partiya isteblishmenti amalga oshiradi.
Homiylar kim?
FEC ma’lumotlariga qaraganda, 2015-yil yozidan buyon 250 ming dollardan ko‘proq miqdordagi ehsonlarni bor-yo‘g‘i 158 jismoniy shaxs va oilalar qilgan. Ularning umumiy hissasi 176 million dollarni tashqil qildi. Yana 200 oila 100 ming dollardan ehson qildi.158 eng boy homiylarning 64 nafari moliyaviy sohada, 17 nafari energetikada, 15 nafari ko‘chmas mulk va qurilish ishida band, 12 nafari esa mediaaktivlar sohiblaridir. Homiylarning ko‘pchiligi respublikachilarning tarafdori ekanligi aytilmoqda.
Klinton xonimning eng yirik homiysi Jorj Soros va uning jamg‘armasi — Soros Fund Management bo‘ldi: u sobiq davlat kotibining kampaniyasiga 7 million dollar ajratdi. Soros buni Kruz va Trampning agressivligi bilan tushuntirdi.
Klintondan farqli ravishda, Uoll-stritni tanqid qilgan Berni Sandersni yirik biznes emas, balki oddiy saylovchilar qo‘llab-quvvatladi. U to‘plagan 139 million dollarni oddiy fuqarolar to‘plab berdi, bu summaning 66 foizini kichik hajmdagi o‘tkazmalar tashkil etadi.
Moliyalashtirish yo‘llari
AQShda prezidentlik kampaniyasi bir necha usulda moliyalashtiriladi. Birinchidan, nomzod o‘z shtabining saylovoldi hisobiga o‘z mablag‘larini o‘tkazishi mumkin. Shuningdek, u jismoniy shaxslardan ehsonlar qabul qilishi mumkin, lekin bu holda 2,5 ming dollarlik cheklov mavjud.Bundan tashqari, mablag‘ to‘plash uchun siyosiy xatti-harakatlar qo‘mitalari (Political Action Comittees, PACs) tashkil etiladi. Ular jamoat tashkilotlari, kasaba uyushmalari va firmalar qoshida ta’sis etilishi mumkin. An’anaviy qo‘mitalar bitta nomzodga maksimal 5 ming dollar, bitta partiyaga maksimal 15 ming dollar pul o‘tkazishi mumkin. Ammo 2010 yilda AQSh Oliy sudi jismoniy shaxslar, korporatsiyalar va fuqarolik birlashmalariga nomzodning o‘ziga emas, balki uning u yoki bu takliflarini qo‘llab-quvvatlashga cheklanmagan miqdorda pul ajratishga ruxsat berdi. Bu mablag‘ yangi tipdagi PACs’ga — Super PACs’ga o‘tkaziladi. Bunday tashkilotlar nomzodning shtabi bilan bevosita aloqa qila olmaydi, lekin nomzod, o‘z navbatida, bunday mablag‘lar nimaga sarflangani haqida hisobot berishga majbur emas.
Joriy saylovlarda Super PACs muhim o‘rin tutmoqda. The Washington Post ma’lumotlariga qaraganda, bunday tashkilotlar soni 2,3 mingga yetdi, ular to‘plagan mablag‘ 600 million dollardan oshib ketdi. 2012-yilda Super PACs butun saylov silsilasi mobaynida 828 million dollar to‘plagan edi. Ular orqali mablag‘ jalb qilishda eng katta natija ko‘rsatgan (124 million dollar) ayni paytda poygadan chiqib ketgan Jeb Bush bo‘ldi.
AQShning yirik biznesmenlari bir yo‘la bir necha nomzodni moliyalashtiradi. Bu strategiya u yoki bu siyosatchi yoki partiyaning g‘alabasiga yo‘l qo‘ymaslikni ko‘zlaydi. Joriy elektoral kampaniyada 60 nafar yirik homiy bir paytning o‘zida ham Klintonning, ham Bushning kampaniyalarini moliyalashtirdi. Goldman Sachs direktorlar kengashi raisi Lloyd Blankfeyn esa bir yo‘la uch nomzod — Kruz, Bush va Klintonga pul berdi, negaki u o‘zini “demokratik sotsialist” deb atagan Berni Sandersni eng xavfli nomzod hisobladi va uning poygada g‘alaba qozonishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun shunday strategiyani amalga oshirdi.
Izoh (0)