O‘zbekistonda lazer nuri bilan samolyot uchuvchilariga yerdan turib xalaqit berish uchun javobgarlik joriy qilindi. Tegishli o‘zgartirishlar 25-aprel kuni O‘zbekiston Prezidenti tomonidan imzolangan qonun bilan Jinoiy va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga kiritildi, deb xabar bermoqda “Gazeta.uz”.
Yangi o‘zgartirish va qo‘shimchalarga muvofiq, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 116-1 “Havo kemasi ekspluatatsiyasi chog‘ida lazer nuri bilan xalaqit berish” moddasi bilan to‘ldirildi. Ushbu me’yorni buzganlik uchun eng kam oylik ish haqining 100 dan 200 barobarigacha miqdorda jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy hibs jazosi ko‘zda tutilgan, bunda huquqbuzarlik ashyosi musodara qilinadi.
Ma’muriy javobgarlikka tortilganidan so‘ng huquqbuzarlik qaytadan sodir etilsa, yoxud u og‘ir yoki o‘rta darajadagi jismoniy jarohatlarni keltirib chiqargan bo‘lsa, huquqbuzar jinoiy javobgarlikka tortiladi. Jinoiy kodeksga yangi kiritilgan 263-1 moddasiga ko‘ra, bunday harakatni sodir etgan shaxs 2 yillik axloq tuzatish ishlariga yoki 3 oylik hibsga tortiladi.
Agarda lazer nuri bilan bog‘liq huquqbuzarlik o‘lim holatiga olib kelsa, 3 yillik axloq tuzatish ishlari yoki 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash ko‘zda tutilgan. Huquqbuzarlik insonlarning qurbon bo‘lishiga, aviahalokatga olib kelsa, javobgar 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etiladi.
2014–2015-yillarda O‘zbekistonda lazer nurlarining samolyotga to‘g‘rilanishi bilan bog‘liq 16 holat kuzatildi. 2013-yil 1-martidan lazerli ko‘rsatkich sifatida qo‘llanadigan portativ lazer yoritkichlarini mamlakatga olib kirish taqiqlandi.
Izoh (0)