Futbol bo‘yicha Angliya Premyer-ligasining 34-turi “Stok Siti” va “Tottenhem” klublari o‘rtasidagi uchrashuv bilan o‘z yakuniga yetdi. Mamlakat chempionligi uchun kurash olib borayotgan London klubi unda “Stok Siti”ni yirik hisobda mag‘lub etdi.
Bellashuvda hujumchi Harri Keyn hamda yarim himoyachi Dele Alli tomonidan qayd etilgan ikkita dubl “Tottenhem”ga “Lester” bilan ochkolar farqini 5 ta qilib olish imkonini berdi. 34-turdan keyin “Lester” 73 ochko bilan turnir jadvalini boshqarib turgan bo‘lsa, “Tottenhem” hisobida 68 ochko bor.
Yarim himoyachi Dele Alli mazkur turdan keyin Premyer-liganing 1 ta mavsumida 10 ta gol urgan eng yosh yarim himoyachiga aylanib oldi. Joriy mavsum hisobidan 10-golini urganida Alli 20 yosh-u 7 kunlik edi. Alli barcha musobaqalarni qo‘shib hisoblaganda joriy mavsum “Tottenhem” uchun 45 ta o‘yin o‘tkazib, 10 ta gol urdi va 11 ta golli pas uzatdi, deb yozdi “Chempionat”.
Harri Keyn esa “Stok Siti” darvozasiga urilgan 2 ta goldan keyin to‘purarlar ro‘yxatida yana yakka peshqadam bo‘lib oldi. Endilikda uning hisobida 24 ta gol mavjud. “Lester” hujumchisi Jeymi Vardida bu ko‘rsatkich 22 tani tashkil etmoqda.
Ma’lumot uchun, “Stok Siti” uy uchrashuvlarini o‘tkazadigan “Brittania” stadionida hali hech bir klub 5 ta o‘yinda zafar quchmagandi. “Tottenhem” esa buni uddalay oldi. “Manchester Yunayted” hamda “Chelsi” klublari mazkur stadionda 4 martadan zafar quchgan.
Angliya Premyer-ligasi 34-tur uchrashuvi 18-aprel, dushanba
Izoh (0)