15–17-aprel kunlari Toshkentdagi “O‘zbekiston” sport majumasida dzyudo bo‘yicha Osiyo chempionati bo‘lib o‘tdi. Musobaqaning so‘nggi kunida erkaklar o‘rtasidagi jamoaviy bahslarda O‘zbekiston termasi oltin medalni qo‘lga kiritdi, deb xabar beradi “Sports.uz”.
Dastlabki bosqichda Pokiston terma jamoasi tarkib borasida muammoga duch kelgani uchun O‘zbekiston termasi bellashuvsiz 1/4 finalga yo‘l oldi. Chorak finalda Janubiy Koreya, yarim finalda esa Qozog‘iston mag‘lubiyatga uchratildi.
Finalda o‘zbekistonlik dzyudochilar Mo‘g‘uliston terma jamoasiga ro‘baro‘ keldi. Dastlabki uch bellashuvda Sharofiddin Lutfullayev, Mirali Sharipov hamda Yahyo Imomov g‘alaba qozongach, bellashuv taqdiri muddatidan avval hal bo‘ldi. Shuningdek, yuqori vazn toifalarida Dilshod Choriyev hamda Abdullo Tangriyev ham ishtirok etdi.
O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida chorak va yarim finallarda Rishod Sobirov, Shahzod Sobirov, Soyib Qurbonov hamda Sherali Jo‘rayev munosib ishtirok etdi va Osiyo chempionligiga o‘z hissalarini qo‘shdi.
Eslatib o‘tamiz, yakkalik bahslarida o‘zbekistonlik dzyudochilardan Diyorbek O‘rozov (-60 kg), Soyib Qurbonov (-100 kg) va Abdullo Tangriyev (+100) kumush, Mirali Sharipov (-73 kg) hamda Ramziddin Saidov (-100 kg) esa bronza medaliga sazovor bo‘lgandi.
Izoh (0)