Rep yo‘nalishidagi qo‘shiqlari bilan tanilgan xonanda Shohrux so‘nggi bir yildan beri asosan duetlardagi ishtiroki bilan ijodga qaytayotganini bildirdi. Jurnalist Feruz Muhammad reper bilan uchrashib, uning ijodiy tanaffusi sabablari, rejalari va bugungi kundagi faoliyati haqida suhbat uyushtirdi.
— Ijodiy tanaffusingizni har kim har xil baholadi. “Katta biznesi kasodga uchrab, kliplar oldira olmagani uchun ko‘rinmay ketdi, chunki har doim qimmat klip suratga oldirardi”, degan gaplar ham bo‘ldi.— O‘zim ham o‘zim haqimda turli gaplarni eshitdim. Musiqa men uchun hamisha xobbi bo‘lgan, buni hamma biladi. Xobbini chetga surib qo‘yishimning sababi, avval iqtisod, keyin huquqshunoslik yo‘nalishida o‘qish bilan band bo‘ldim. Keyin oilali bo‘ldim, ko‘p vaqtimni shaxsiy hayotga bag‘ishladim. Endi ijodga ko‘proq vaqt ajrata olsam kerak.
— Ilk konsertingizni 20 yoshlik vaqtingizda, “Istiqlol” san’at saroyida to‘rt kun davomida taqdim etgansiz. “Istiqlol”da yana konsert berish rejangiz borligi haqida gap-so‘zlar eshitdik. Ijodiy tanaffusdan so‘ng birdan konsert berish katta tavakkal emasmi? Bugun ko‘plab san’atkorlar ikki kunlik konsert uchun ham zalni bazo‘r to‘ldirmoqda.— Sababi ko‘plab san’atkorlar bir-ikkita klip chiqarib, konsert beryapti. Mehnatdan, harakat va xarajatdan qochmoqda. Men 2006 va 2007-yillarda to‘rt kundan ikki marta konsert bergan vaqtim deyarli barcha qo‘shiqlarim xit darajasiga chiqqan edi. Tele- va radioefirda kliplarim, qo‘shiqlarim muntazam aylanardi. Yana konsert beradigan bo‘lsam, o‘sha davrdagi harakatimga qaytishim kerak bo‘ladi. Agar 2006—2007-yillardagi kabi harakat qilsam, bemalol konsert berishim mumkin. Takliflar juda ko‘p, ammo menga ma’qul taklif chiqmayapti. Ijodiy tanaffusda bo‘lgan vaqtim, 6—7 yil ichida shou-biznes ancha o‘zgaribdi. Agar bir qarorga kelsam, buni OAV orqali ma’lum qilaman.
— Sizni “O‘zbek rep qiroli”, deyishadi. Ammo biz rep yo‘nalishida ijod qiladigan qo‘shiqchilar juda kam, taniydiganlarimiz ham barmoq bilan sanarli darajada. Raqobatchilaringiz ham Siz bor vaqtda bir ko‘rinib, ijodingiz sustlashganida yo‘q bo‘lib qoladi. Ijodiy turg‘unlikning sababi raqobatchilaringiz kamligi yoki deyarli yo‘qligidadir?— Men har doim o‘zim uchun musiqa yaratganman, raqobat haqida o‘ylamaganman. Menimcha, bu savolni: “Nega raqobat yarata olmayapsan?”, deb shu yo‘nalishda ijod qilib yurgan boshqa qo‘shiqchilarga berganingiz ma’qul.
— Eng sevimli xonandalaringiz Sherali Jo‘rayev va Sevara Nazarxon ekan.— Bir vaqtlar haqiqatan ham bu san’atkorlarni ko‘p eshitardim. Hozir umuman qo‘shiq eshitmay qo‘yganman. Musiqa eshitgani vaqt ham bo‘lmayapti.
— Ijodga qaytganingizdan so‘ng Shahzoda, Manzura, Daler bilan duet qo‘shiqlar kuyladingiz. Duet uchun takliflar kimdan chiqdi?— Men hech qachon hech kimga taklif bilan chiqmaganman. Men reyting haqida umuman o‘ylamayman. Menda: “Bu san’atkor bilan duet kuylasam, reytingim oshar edi”, degan o‘y-fikr yo‘q. Hech qachon birovning kuchiga ishonmayman. Shu kungacha kim bilan duet kuylagan bo‘lsam, barchasida taklif ulardan bo‘lgan va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi. O‘z navbatida, Shahzoda va Manzura qandaydir reytingni o‘ylab men bilan duet kuylagan, deb ham o‘ylamayman, chunki ular doimiy izlanishdagi ijodkor. Ular yangilik bo‘lsin deb, qo‘shiqlarida rep bo‘lishini xohlagan. Men bilan faqat reytingni o‘ylab duet aytgan san’atkorlar ham bor.
— Shahzoda bilan birga kuylangan “Ket” nomli qo‘shiq klipi ajoyib chiqqan. Klipda bugungi kundagi eng qimmat aktyor deya e’tirof etilayotgan Ulug‘bek Qodirov ham suratga tushgan. Klip uchun ancha-muncha mablag‘ sarflangan bo‘lsa kerak. Xarajat kimning bo‘yniga tushdi?— Shahzoda men bilan ko‘rishib, “Ket” qo‘shig‘i mazmuni bilan o‘rtoqlashdi va uni birgalikda ijro etishni taklif qildi. Qo‘shiq yoqqani uchun rozi bo‘ldim. Ish boshlanishidan avval: “Studiyaga kelib, qo‘shiq aytib ketsangiz bo‘ldi, ortiqcha bezovta qilmaymiz”, deyishdi. Qo‘shiqning tugallangan variantini ham s’yomkaga borganimda eshitganman. Suratga olish ishlari yarim soat davom etgan — klip qanday bo‘ladi, ssenariysi qanaqa, unda kimlar rol o‘ynaydi — bulardan xabarim yo‘q edi, hatto Ulug‘bek Qodirov klipda o‘ynashini bilmaganman ham. Shahzoda o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondoshadi, har bir ishni yuqori saviyada tashkil etadi, shuning uchun ham unga ishonganman.
— Ota-onangiz, ukalaringiz bilan birga yashaysizmi?— Men ulardan alohida yashayman
— “Litsenziyamni olib qo‘yishmagan”, deya ijtimoiy tarmoqlarga joylagan suratlaringiz shov-shuv bo‘ldi. Shunday qilishingizga nima sabab bo‘ldi?— Ma’lum vaqt ijod qilmaganim, musiqaga kam vaqt ajratganim uchun odamlar orasida: “Litsenziyasi olib qo‘yilgan, shunga ko‘rinmayapti”, degan gaplar tarqalib ketdi. Jim tursam, bu gaplarning keti uzilmayapti. Men bilan “O‘zbeknavo” o‘rtasida hech qachon nizo chiqmagan, “O‘zbeknavo” bilan imzolangan shartnomani hech qachon buzmaganman. Bu haqda “O‘zbeknavo”dan ham so‘rashingiz mumkin. Bu gaplarga chek qo‘yish uchun litsenziyalarimning suratlarini ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirdim. Shundan so‘ng odamlarning gap-so‘zi ham tindi.
— Daler bilan birga kuylangan “Eshit” nomli qo‘shig‘ingizda “shou-biznes bugun aniq buzilib ketdi”, degan jumlalarni qo‘llagansiz. Bu bilan nima demoqchi bo‘lgansiz?— Faqat to‘y uchun ijod qilish, ijoddan maqsad faqat pul ekanligi, konsertga odam yig‘a olmaslik kabi holatlarni nazarda tutganman. Bundan tashqari, internet rivojlanib ketganidan so‘ng ba’zi san’atkorlar o‘zining behayo, odobsiz xatti-harakatlarini video ko‘rinishida tarqatib yuborayotganini ham. Ularning bunday nomaqbul ishlari odamlar orasida: “Hamma san’atkorlar shunaqa ekan”, degan xato fikr uyg‘otishi mumkin. Bu qo‘shiqdan maqsad — ba’zilar o‘zi uchun xulosa chiqarsin, o‘zini tutib olsin. Shaxsan men birov sabab har xil yoqimsiz gap eshitishni xohlamayman. Nima bo‘lganda ham, san’atkorlar ehtiyot bo‘lishi kerak, deb hisoblayman.
— Shu qo‘shiqda: “Instagram’siz hech kimning ishi yurmas, o‘quvchilarni sotib olmayman, kerakmas” degan misra ham bor.— O‘zini yaxshi ko‘radigan, kibri baland odamlar juda ko‘p. Ba’zi bir san’atkorlar boshqalardan baland turish uchun soxta Instagram foydalanuvchilarni sotib olishyapti. Bunday holat nafaqat shou-biznes, balki boshqa soha vakillarida ham ko‘p uchraydi. Lekin shou-biznes vakillarining 50 foizi o‘z o‘quvchilarini sotib olgan. Sotib olinganida, 100—200 ming o‘quvchi bir kunda paydo bo‘lib qoladi. Bunday soxta o‘quvchilarni sotib olish uchun odam kamida kasal bo‘lishi kerak. Gapimga ishonmasangiz, o‘sha sahifalarga kirib ko‘rib — o‘quvchilari orasida nafaqat o‘zbekistonlik o‘quvchilarni, balki chet elcha ismlar bilan ochilgan robotlar, ishlamaydigan soxta akkauntlarni ham topasiz.
— Siz Instagram’da o‘qiydiganlar ro‘yxatida shou-biznesning deyarli barcha vakillari bor. Qancha vaqtingiz kuzatuvga ketadi?— Bir kunda yarim soatdan ortiq vaqt sarflamayman. Uyi, mashinasini reklama qilayotganlarga e’tibor ham bermayman. Tanovul qilayotgan taomining rasmini qo‘yganlarni o‘quvchilarim ro‘yxatidan o‘chirib tashlayman. Shou-biznes vakillari joylashtirgan yaxshi yangiliklarni kuzatib boraman.
— Bir yoshlik o‘g‘lingiz Islomning ham Instagram’da o‘z sahifasi bor. O‘g‘lingizni suratlarini joylab, uni doimiy yuritasiz. Bu ish bir tomondan yaxshi — ertaga ulg‘ayganida bolalikdagi rasmlarini ko‘rib xursand bo‘ladi. Ammo, aksariyat odamlar “ko‘z tegadi”, deb bolasini omma e’tiboridan olib qochadi.— Bu zamon talabi, hozir butun dunyoda baby profile tushunchasi bor. Bizga ham bu narsa baribir kirib keladi. Bu ishda birinchi bo‘ldim, tez orada boshqalar ham shunday qiladi. Shaxsan o‘zimni bolalikdagi suratlarim deyarli yo‘q. Maqsadim — farzandimning elektron fotoalbomini yaratish. U yerda ko‘z tegishi mumkin bo‘lgan hech narsa yo‘q, oddiy suratlar jamlanmasi, xolos. Ko‘z tegishiga kelsak, bu narsa bor. Lekin hammasi Xudodan — ertaga nima bo‘lishini hech kim bilmaydi. Masalan, Instagram’ning o‘zi yo‘qolib ketishi mumkin.
— “Behayot” deb nomlangan klip va qo‘shig‘ingizdagi “behayot” degan so‘zga yo men tushunmadim, yoki haqiqatan ham bundayso‘z yo‘q. Klipni ko‘rib tushunganim: behayot — “hayoti tugadi”, “o‘ldi” degani, shundaymi?— Qo‘shiqlarimdagi ko‘p so‘zlar haqiqatan ham lug‘atimizda mavjud emas. Sizga qanday tushuntirsam ekan? Misol uchun, Eminemni Amerikada yangi ingliz tilini o‘ylab topgan odam, deyishadi. Bizda ham shu yangilik, masalan, rep vositasida sinab ko‘riladi.
— Bu tanqidlarga sabab bo‘lmaganmi?— Tanqid qilishga hech kimning haqqi yo‘q, chunki bu ijod. Qachonlardir Internet, Instagram so‘zlari ham muomalada bo‘lmagan-ku. Maqsad lug‘atga yangi so‘z kiritish emas, balki o‘zim uchun qo‘shiq yaratish. O‘zimcha so‘z o‘ylab topib, kimlargadir buni uqtirish emas, bu shunchaki tajriba, kim xohlasa bu so‘zdan foydalanadi, bo‘lmasa yo‘q.
— Siz bilan suhbatlashishdan oldin siz haqingizda ko‘plardan fikr so‘radim, ular: “Shohrux kibrli, kekkaygan, jizzakiroq”, deya ta’rif bergan edi. Suhbatimiz so‘ngida ularning tarifi noto‘g‘ri ekan, degan xulosaga keldim.— U odamlar meni yaqindan bilmasa kerak. Bir insonni yaqindan bilmagunimgacha u bilan yaxshi aloqa o‘rnata olmayman. Chunki har xil odam bor, birov haqida tugal xulosa aytish uchun uni yaqindan bilish kerak, deb o‘ylayman. Birov haqida “u kibrli, o‘zini katta oladi, kekkaygan” deydiganlarning o‘zida ko‘pincha shunday salbiy taraflar bo‘ladi.
Feruz Muhammad,“Daryo” uchun maxsus
Izoh (0)