Dunyo miqyosida neft narxi pasayishda davom etmoqda. Saudiya Arabistoni ikkinchi valiahd shahzodasi, mamlakat mudofaa vaziri Muhammad bin Salmon bayonoti bozor ishtirokchilarining neft qazib chiqarishni muzlatish yuzasidan bo‘lajak yig‘ilish borasida hafsalasini pir qildi. Bu holat birja savdolarida ham o‘z aksini topdi, deya xabar beradi “RIA Novosti”.
4-aprel, dushanba kuni ertalabki holatga ko‘ra, Brent turidagi neftning iyun oyi fyucherslari bahosi 0,98 foizga pasayib, bir barreli uchun 38,28 dollarni tashkil etgan. WTI turidagi neftning may fyucherslari esa 1,17 foizga pasaygan va bir barreli uchun 36,35 dollardan iborat bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, Muhammad bin Salmon Bloomberg agentligiga bergan intervyusida Saudiya Arabistoni Eron va boshqa neft qazib chiqaruvchi yirik mamlakatlar ma’qullagan taqdirdagina neft qazib chiqarishni muzlatish to‘g‘risidagi kelishuvga qo‘shilishini bildirgandi.