Namanganda kiyim-kechak modeli va dizayni asoslari bo‘yicha O‘zbekistonda kiyim dizayni markazi ochilishi kutilmoqda. Bu haqda BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi “Daryo”ga xabar berdi.
Markazning maqsadi ayollar va yoshlarning kasbiy ko‘nikmalari va qobiliyatlarini yaxshilash, aholining ish topish imkoniyatlarini kengaytirish, tayyor mahsulotlarning raqobatbardoshligi va sifatini oshirishdan iborat.
Markaz klassik kiyim ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi fabrikalardan birining asosida yaratilib, amaliy ko‘nikma va qobiliyatlarga ega bo‘lgan va ishlab chiqarishning talablariga javob beradigan dizaynerlarni tayyorlaydi. Shuningdek, “Istiqlol dizayn markazi” zamonaviy uskunalar bilan jihozlanib, unda zamonaviy CAD tizimi yordamida kerakli modellarni yaratish, 3D o‘lchamda modellash, raqamlash, turli eskizlarni o‘z kattaligida bosib chiqarish va dizaynerlar ishini ancha yengillashtiruvchi hamda mahsulot sifatini yaxshilashga yordam beruvchi boshqa imkoniyatlar mavjud bo‘ladi.
O‘quv markazining o‘quvchilari kasb-hunar kollejlari, oliygohlar bitiruvchilari orasidan olinib, o‘quv mashg‘ulotlarini va ishlab chiqarish amaliyotini xorijda malakasini oshirib kelgan o‘qituvchilar olib boradi. Rejaga ko‘ra, markazda dizayner va modelyer kasbini yiliga 48 nafar mutaxassis o‘zlashtiradi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, Dizayn markazi Savdo-sanoat palatasi va BMTTDning “O‘zbekiston biznes-forumi (3-bosqich)” loyihasi doirasida hamda Sasol kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi taqdim etgan moliyaviy yordam evaziga tashkil etilmoqda.
Izoh (0)