Futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi hamda Moskvaning “Lokomotiv” klubi himoyachisi Vitaliy Denisov kecha, 29-mart kuni JCh—2018 saralashi doirasida Bahraynga qarshi (1:0) kechgan o‘yinning 25-daqiqasida jarohat olib, maydonni tark etgandi.
O‘yin vaqtida bahraynlik futbolchi Vitaliy Denisovning boshiga tepib yubordi. Mazkur noxush holatdan so‘ng 29 yoshli himoyachi zaxiraga olindi va uning o‘rniga Stanislav Andreyev tushdi. O‘zbekistonlik futbolchida yengil miya chayqalishi yuz bergani gumon qilingan edi.
Uchrashuvdan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan 29 yoshli Vitaliy Denisovning zaxiraga olinishi sababini tushuntirib berdi.
“Afsuski, Vitaliyda yengil miya chayqalishi kuzatildi. U uchrashuvni davom ettira olmasligini aytib, zaxiraga olinishini so‘radi. O‘yindan so‘ng shifokorlar uning sog‘lig‘i yaxshi ekanini va u tez orada safga qaytishini aytdi”, – dedi Samvel Babayan.
Shundan so‘ng, voqeaga oydinlik kiritish maqsadida “Daryo” nashri O‘zbekiston futbol federatsiyasi matbuot kotibi Sanjar Rizayev bilan bog‘landi. Sanjar Rizayev kecha, 29-mart kuni o‘yindan keyin Vitaliy Denisovning o‘zi bilan mehmonxonada uchrashgani, uning sog‘-salomat ekanini tasdiqladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston terma jamoasi JCh—2018 turniriga ikkinchi saralash bosqichining “H” guruhi 10-turidan so‘ng 21 ochko to‘plagan holda uchinchi saralash bosqichiga birinchi o‘rin bilan chiqdi.
Izoh (0)