Futbol bo‘yicha Yevro—2016 ishtirokchilari bo‘lgan Ruminiya va Ispaniya terma jamoalari FIFA kunlaridan unumli foydanib, o‘rtoqlik o‘yini doirasida maydonga tushdi. 0:0 hisobi bilan yakuniga yetgan uchrashuvdan so‘ng Ispaniya terma jamoasi darvozaboni Iker Kasilyas ikkita rekord o‘rnatdi, deb yozadi “Sports.ru”.
Portugaliyaning “Portu” klubi darvozaboni Ispaniya terma jamoasidagi quruq o‘yinlari sonini 101 taga yetkazdi. Bu Kasilyas ishtirok etgan bellashuvlarining 61 foizida gol o‘tkazib yubormaganidan dalolat beradi. Terma jamoa miqyosida hech bir darvozabon bunday natijaga erishmagan.
Iker, shuningdek, 710 daqiqadan buyon darvozasi daxlsizligini saqlab turibdi. Bu Ispaniya terma jamoasidagi ikkinchi ko‘rsatkich hisoblanadi. Avvalgi rekord 814 daqiqaga teng bo‘lib, u ham Iker Kasilyasning o‘zi bilan bog‘liq.
Bundan tashqari, “Real Madrid”ning sobiq darvozaboni terma jamoa safida 166 marta maydonga tushib, Yevropa rekordini yangiladi.
Izoh (0)