Futbol bo‘yicha 2018-yil Rossiyada bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatining Janubiy Amerika mintaqasidagi saralash turnirida 5-turning 4 ta o‘yini o‘z yakuniga yetdi.
Mundialning amaldagi finalchisi Argentina terma jamoasi Kopa Amerikaning amaldagi g‘olibi hisoblangan Chiliga safar etib, irodali g‘alabaga erishdi. Hisobda ortda borayotgan Lionel Messi vatandoshlari birinchi bo‘limning o‘zidayoq ikkita gol urib, ochkolar sonini 8 taga yetkazib oldi.
Saralash turnirining 4-tur yakunlariga ko‘ra yuz foizlik natija qayd etib turgan Ekvador birinchi bor ochko yo‘qotdi. Kito shahrida Paragvayni qabul qilgan Ekvador hakam tomonidan konpensatsiya uchun qo‘shib berilgan daqiqalardagina mag‘lubiyatdan qutulib qoldi.
13 ochkoga ega Ekvador turnir jadvalini boshqarib turibdi. Urugvay hisobida 9, Paragvay va Argentinada 8 tadan ochko bor. Bir yo‘la uch terma jamoa — Braziliya, Chili hamda Kolumbiya 7 ochkodan to‘plagan.
Bugun, 25-martdan 26-martga o‘tar kechasi turning so‘nggi o‘yini doirasida Braziliya va Urugvay terma jamoalari o‘zaro maydonga tushadi.
JCh—2018 saralash. Janubiy Amerika 5-tur bellashuvlari 25 mart, payshanba
Izoh (0)