Amerikaning Shimoliy Karolina shtati politsiyasi prokatga olgan kassetasini 2002-yildan buyon qaytarmagan erkakni hibsga oldi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar beradi.
Hodisa Konkord shahrida yuz bergan. Fuqaro Jeyms Meyers 2002-yilda Salisbury, J&J’s Video videoprokatidan “Yo‘lingdan qolma, Freddi” filmini ko‘rish uchun olgan. O‘shandan buyon kasseta qaytarilmagan. Yillar o‘tib, videoprokat yopilib ketganligiga qaramasdan, huquqni muhofaza qilish organlari ushbu huquqbuzarlikni e’tiborsiz qoldirmagan.
“Ofitser film kassetasini qaytarmaganligim uchun unda meni hibsga olish haqida order borligini aytganda, men uni hazillashayapti deb o‘yladim”, — deydi Jeyms.
Meyers kichik huquqbuzarlikda ayblanmoqda va jarima tariqasida 200 dollar to‘lashi lozim. 27-aprel kuni u sudda javob beradi.
Hibsga olish voqeasi mahalliy va federal OAVlarda yoritilgandan so‘ng, “Yo‘lingdan qolma, Freddi” filmida bosh rolni o‘ynagan kanadalik aktyor va rejissor Tom Grin hodisaning moliyaviy tomonini bartaraf etishga ko‘mak berishi mumkinligini ma’lum qilgan.
Izoh (0)